Harbiy qismdagi bir kun yoshlar uchun unutilmas bo‘ldi
2025-05-13 18:00:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida boshqarma boshlig‘i ishtirokida yoshlar bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Samimiy ruhda, savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan uchrashuv davomida, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, rahbariyat bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar.O‘z navbatida mas’ullar ularning fikr va takliflarini tinglab, qiziqishlari, istak va muammolariga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, o‘quvchi-yoshlar boshqarma faoliyati, askarlar hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lib, boshqarma muzeyi, askarlar yotoqxonasi, madaniyat markazi va buyuk sarkarlar nomi bilan atalgan sinf xonalarda bo‘lib, tarixiy va zamonaviy harbiy hayotga oid ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Ayniqsa, o‘q otish sinfida otish mashqlarida bevosita ishtirok etish tajribasi yoshlar qalbida katta taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar va o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari ham tashkil etildi. Stol tennisi va voleybol bahslari sog‘lom raqobat va do‘stona muhitda o‘tkazilib, ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligini sinovdan o‘tkazdi.
Bundan tashqari, harbiy texnika va qurol-aslaha ko‘rgazmalari, amaliy mashg‘ulotlar, hamda harbiy xizmatchilar bilan ochiq suhbatlar yoshlar e’tiborini tortdi. Harbiy hayotning turli jihatlarini bevosita ko‘rish va his qilish imkoniyati ularning harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini oshirdi. Tadbirga bayramona ruh baxsh etgan “Implus” harbiy ansamblining kuy-qo‘shiqlari esa barchaga unutilmas lahzalarni taqdim etdi.









