Harbiy xizmatchilarning farzandlariga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi
2025-05-10 13:20:00 / Yangiliklar

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori talablariga muvofiq 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idora xodimlarining farzandlari uchun Oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun besh foizli kvota hamda burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan xodimlarning farzandlariga esa oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga tanlovsiz qabul qilinish to‘g‘risida tavsiyanomalar berilishi belgilangan.
Marosimda boshqarma rahbariyati mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga koʻrsatilayotgan eʼtibor masalalarini alohida taʼkidlab, shunday imkoniyatga ega bo‘lgan yigit-qizlarga besh foizli kvota asosida o‘qishga kirish to‘g‘risidagi tavsiyanomalarni tantanali ravishda topshirishdi.
Yakunda boshqarmaning “Impuls” harbiy ansambli ishtirokida tashkil etilgan konsert dasturi ishtirokchilar uchun chinakam bayram shodiyonasiga aylandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






