Qoraqalpog‘istonlik yoshlar o‘q otish musobaqasida bellashdi
2025-05-10 10:50:00 / Yangiliklar
Yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, ularni Qurolli Kuchlar safiga tayyorlash hamda sog‘lom raqobat muhitida chiniqtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlar boshqarmasida “Qo‘mondon kubogi” uchun o‘q otish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar maktablarining harbiy-vatanparvarlik to‘garaklariga qatnaydigan faol yoshlar ishtirok etdi.
Musobaqada ishtirokchilar pnevmatik qurollardan belgilangan masofalardagi nishonlarga aniq zarba berish bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyon etdilar. Baholash mezonlari ishtirokchilarning aniqligi, tezkorligi va harbiy intizomiga asoslangan holda amalga oshirildi.
Tadbir yakunida eng yaxshi natijalarni qayd etgan jamoa a’zolari esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlanishdi. Faxrli birinchi o‘rinni egallagan jamoaga esa “Qo‘mondon kubogi” topshirildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati







