Ikkinchi jahon urushi faxriylariga Prezident sovg‘alari topshirildi
2025-05-08 18:50:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, bugungi tinch hayotimiz uchun jonini fido qilgan, urush olovidan omon qaytgan faxriylarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalqimizning muqaddas burchiga aylangan. Davlatimiz rahbarining farmoniga asosan, bu yil ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga bir martalik pul mukofotlari topshirildi.
Darhaqiqat, shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab joylarda davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan faxriylarimizning holidan xabar olinib, hurmat va ehtirom ko‘rsatilmoqda. Ularning sog‘lig‘ini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar esa har qachongidan jadallashgan. Jumladan, qahramonlarimizning gospital va sanatoriylarda bepul davolanishi tashkil etilib, muntazam ravishda nazoratga olingan.
Mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuhammedov boshchiligidagi bir guruh vazirlik mas’ullari Markaziy harbiy klinik gospitalida bo‘lib, urush faxriylari holidan xabar oldi. Ular bilan samimiy suhbatlashib, ehtiyoj va istaklarini tinglashdi.
Ta’kidlash kerakki, faxriylarning salomatligi shahar va tuman tibbiyot birlashmalari tomonidan doimiy nazoratga olinib, bepul dori-darmon bilan ta’minlanadi va sanatoriylarga yo‘llanmalar berib kelinadi. Bugun ham respublikamizning turli hududlardan kelib, ushbu zamonaviy tibbiyot maskanida sog‘lig‘ini tiklayotgan keksalarimiz talaygina.
Faxriylar yaratilgan bu kabi shart-sharoitlardan, ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanini bildirib, davlatimiz va yo‘qlovchilarning izzat-ikromidan xursandligini aytishdi. Dildan chiqqan samimiy subbatlar davomida ular o‘z avlodlarining yutuqlari, nevara-chevaralarining o‘qish va ishlari haqida so‘zlab, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallayotganidan faxrlanishdi.
Faxriylar davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirar ekan, yurtimizning bugungi tinch-osoyishtaligiga shukrona keltirib, avlodlar kelajagi uchun samimiy duolar qildi.
Ma’lumot uchun, Markaziy harbiy klinik gospital 2022-yilda to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy standartlarga mos holga keltirilgan. 700 o‘ringa mo‘ljallangan bu muassasada harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va soha faxriylari bepul davolanadi. Gospitalda 286 turdagi diagnostik tekshiruv, 600 dan ortiq amaliyotlar yo‘lga qo‘yilgan, 30 ga yaqin ixtisoslashtirilgan bo‘lim faoliyat yuritmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









