Mudofaa vazirligi kinologlari “Dog biatlon” musobaqasida tengsiz
2025-05-08 16:55:00 / Yangiliklar

Ushbu nufuzli sport tadbirida vazirlik va idoralarning malakali mutaxassis kinologlari o‘zaro bellashdilar. Musobaqa “Dog biatlon – yakka tartibda yugurish”, “300 metrli to‘siqlardan xizmat itlari bilan o‘tish” hamda “Dog biatloni – estafeta” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazildi. Har bir shartda ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, xizmat itlari bilan uyg‘un ishlash layoqati va epchilligi sinovdan o‘tkazildi.
Musobaqa yakunida ayollar o‘rtasidagi bahslarda Mudofaa vazirligi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Milliy gvardiya jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Mudofaa vazirligining yana bir jamoasiga nasib etdi. Erkaklar o‘rtasida ham Mudofaa vazirligi vakillari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Ikkinchi o‘ringa Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti, uchinchi o‘ringa esa Milliy gvardiyaning boshqa jamoasi loyiq topildi.
Musobaqa davomida faollik ko‘rsatgan ishtirokchilar “Eng ilg‘or kinolog”, “G‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasi uchun” hamda “Eng abjir xizmat iti” kabi maxsus nominatsiyalar bilan taqdirlandilar. G‘olib jamoa va ishtirokchilarga esdalik kubogi, medal va diplomlar topshirildi.
Ushbu musobaqa nafaqat kinologlar malakasini oshirish, balki kuch tuzilmalari o‘rtasida sog‘lom raqobat va hamkorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. “Dog biatlon” tadbiri xizmat itlarining tayyorgarlik darajasini oshirish, ularning murabbiylari bilan birgalikdagi harakatlarini sinovdan o‘tkazish hamda yuksak vatanparvarlik ruhini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ro‘ziqul Ochilov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








