Qashqadaryoda barcha qulayliklarga ega yangi sport zal harbiylar va yoshlar ixtiyoriga topshirildi
2025-05-07 20:05:00 / Yangiliklar

Tadbirda so‘z olganlar tomonidan ta’kidlanganidek, yangi sport inshooti harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash va salomatligini yaxshilash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu maskan, shubhasiz, Vatan mudofaasi salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi yana bir muhim qadam bo‘lib, harbiy qism infratuzilmasini zamon talablari asosida rivojlantirish yo‘lidagi islohotlarning uzviy davomi sanaladi.
Yangilangan sport zal eng so‘nggi talablarga mos sport anjomlari bilan ta’minlangan. Bu yerda birinchi tibbiy xizmat xonasi, alohida kiyim almashtirish va yuvinish xonalari ham mavjud. Harbiylar uchun yaratilgan qulayliklardan tashqari, qismda tashkil etilgan sport to‘garaklarida ishtirok etayotgan mahalla yoshlari ham bu imkoniyatlardan bahramand bo‘lishadi. Bu esa yosh avlodni sog‘lom va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Sport zal qurilishi va jihozlanishida faol ishtirok etgan, shuningdek sportda salmoqli natijalarga erishgan harbiy xizmatchilar hamda ularning farzandlari e’tibordan chetda qolmadi. Ular diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, sportga bo‘lgan mehr va yutuqlar rag‘batlantirildi.
Ta’kidlash joizki, sport zal faoliyati qismdagi malakali sportchi harbiy xizmatchilar tomonidan reja asosida tashkil etilib, belgilangan tartibda jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari olib boriladi. Bunday salohiyatli sharoitlar natijasida mashg‘ulotlar sifati sezilarli darajada oshib, jangovar tayyorgarlik ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Marosimda mehmonlar sport zalida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, harbiy xizmatchilar va yoshlarni xalqaro musobaqalarda yuqori pog‘onani egallashini tilab ularni ruhlantirishdi.
Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati





