“Ajdodlar izidan” intellektual musobaqasi — tarix va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan bilim sinovi
2025-05-07 19:15:00 / Yangiliklar

Ushbu musobaqa kuch tuzilmalari vakillari ishtirokida tashkil etilib, qatnashchilar o‘z bilim va tafakkur darajalarini tarix, adabiyot, falsafa, geografiya hamda boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarga oid murakkab savollarga javob berish orqali namoyish etdilar. Faqatgina individual bilim emas, balki jamoaviy fikrlash, mantiqiy tahlil, tezkorlik va madaniyatli munozara yuritish ko‘nikmalari ham sinovdan o‘tkazildi.
Musobaqaning o‘ziga xos jihatlaridan biri — Qoraqalpog‘istonning boy tarixiy merosi, arxeologik yodgorliklari hamda tarixiy shaxsiyatlariga oid savollar bo‘lib, ular tadbirga o‘ziga xos ruh baxsh etdi. Qatnashchilar ana shu savollarga javob topish asnosida milliy qadriyatlarimizni chuqurroq anglab, o‘zlikni tanish yo‘lida muhim qadamlar tashladilar.
Tashkilotchilar tomonidan musobaqa yuksak saviyada o‘tkazilib, g‘olib jamoa faxrli tarzda respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari, faxriy yorliqlar va diplomlar topshirildi.
Darhaqiqat, “Ajdodlar izidan” musobaqasi yosh avlodni bilimli, vatanparvar, tafakkurli va ma’naviy barkamol insonlar etib tarbiyalash yo‘lida tashlangan muhim qadamlardan biridir. Ushbu tadbir orqali yoshlarimiz nafaqat bilimlarini mustahkamlashdi, balki o‘z tarixiga, madaniyatiga, ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatini yanada yuksaltirdi.
Shimoli-g’arbiy harbiy okrug matbuot xizmati









