Yod etilgan jasorat — avlodlarga ibrat
2025-05-07 12:25:00 / Yangiliklar

Tarix shohid: o‘zbek xalqining mard va jasur farzandlari har zamonda ham Vatan mudofaasi yo‘lida shay turgan. 9-may – Xotira va qadrlash kuni bu jasorat namunalarini yod etish, o‘tmishni hurmat bilan eslash, hozirgi tinch hayot uchun minnatdorlik izhor etish kunidir. Bu sana nafaqat urushda halok bo‘lgan, balki bugun oramizda bo‘lmagan har bir fidoyi vatandosh xotirasini e’zozlash, ular qoldirgan buyuk saboqlardan ilhom olishdir.
Surxondaryo viloyatida joylashgan harbiy qism shaxsiy tarkibi ham bu borada munosib ishtirok etdi. Harbiylar Sariosiyo va Uzun tumanlarining tog‘li hududlarida olib borilgan janglarda mardonavor halok bo‘lgan kichik serjant Muhiddin Eshtemirov tug‘ilib o‘sgan xonadonga tashrif buyurib, oila a’zolari holidan xabar oldi. Muloqot davomida serjantning onasiga mana shunday jasur va vatanparvar farzandni voyaga yetkazganlari uchun chuqur minnatdorlik bildirildi, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bu – nafaqat bir oilaga bo‘lgan hurmat, balki butun xalqimizning yodida bo‘lgan ehtirom ifodasidir. Chunki Vatan yo‘lida halok bo‘lganlar faqat o‘z oilasining emas – elning, xalqning, Vatanning farzandidir.
Harbiy xizmatchilar shuningdek, qahramonimiz ta’lim olgan 24-umumta’lim maktabida ham bo‘lishdi. O‘quvchilar bilan bo‘lgan muloqotda Vatanga muhabbat, sadoqat, halollik va fidoyilik haqida so‘z yuritildi. Qahramonning ibratli hayoti misolida bugungi yosh avlod qalbiga ezgulik urug‘i sepildi.
Darhaqiqat, vaqt o‘tadi, avlodlar almashadi. Ammo yurt ozodligi, xalq erki, ona zamin tinchligi uchun fidokorona jon fido qilganlar xotirasi hech qachon unutilmaydi. Ular bizning faxrimiz, or-nomusimiz, tariximizdir. Har bir yurakda, har bir oila, maktab, mahallada ularning ismi ehtirom ila tilga olinadi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug axborot xizmati





