Harbiy xizmatchilarning farzandlariga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi
2025-05-06 11:25:00 / Yangiliklar

Tadbirda Mudofaa vazirligining mas’ul xodimlari, harbiy xizmatchilar va ularning farzandlari ishtirok etdi.
Mazkur chora-tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi qaroriga asosan amalga oshirilmoqda. Ushbu normativ hujjatlar asosida har yili harbiy xizmatchilarning farzandlariga 5 foizlik maxsus kvota doirasida tavsiyanomalar taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur tavsiyanomalar jangovar-xizmat va ilmiy faoliyatda yuksak natijalarga erishgan, xizmat burchini sidqidildan bajarayotgan ofitserlar, serjantlar, oddiy askarlar va shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilarning farzandlariga beriladi. Nomzodlar komandirlarning bevosita tavsiyasi asosida tanlab olinadi. Shundan so‘ng tavsiyanoma olgan harbiy xizmatchilarning farzandlari test sinovlari orqali o‘zaro raqobatlashib, eng yuqori ball to‘plaganlar oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinadi.
Shuningdek, ushbu imtiyoz umumiy abituriyentlar uchun ajratilgan kvotalardan alohida tarzda belgilanadi. Bu esa harbiy xizmatchilarning oilalariga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir isboti bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir yakunida Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









