“Dog biatlon” musobaqasiga start berildi
2025-05-06 10:30:00 / Yangiliklar

Tadbirning rasmiy ochilish marosimida kuch tuzilmalari xodimlari, faxriylar va harbiylar ishtirok etdi. Marosimda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Vatan himoyasida jon fido qilgan mard o‘g‘lonlar xotirasi yodga olindi. Shuningdek, xizmat burchini sidqidildan ado etayotgan kinologlar faoliyatiga yuqori baho berildi.
Darhaqiqat, bu yil mazkur musobaqa beshinchi bor tashkil etilmoqda va yildan-yilga uning miqyosi hamda ishtirokchilar soni ortib bormoqda.
Musobaqa doirasida birinchi shart sifatida yakkalik tartibda yugurish va o‘q otish bo‘yicha bellashuv tashkil etildi. Unga ko‘ra, yigitlar jamoasi uchun 3,2 km, qizlar jamoasi uchun esa 2,4 km masofani bosib o‘tish belgilandi. Bellashuv mobaynida ishtirokchilar nafaqat yugurish, balki o‘q otishda ham o‘z mahoratini namoyish etishdi. Bu esa jismoniy chiniqish, tezkorlik va diqqatni bir vaqtda talab etuvchi muhim tayyorgarlik turi hisoblanadi.
Yigitlar o‘rtasida Mudofaa vazirligi jamoasi a’zosi Samariddin Daminov 11 daqiqa 45 soniya natija bilan barcha ishtirokchilar orasida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etib, rekord o‘rnatdi. Uning bu yutug‘i tomoshabinlar tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olindi.
Musobaqa jarayonlari davom etmoqda.
Ro‘ziqul Ochilov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








