Urush faxriylari doimo e’zozda
2025-05-03 14:30:00 / Yangiliklar

Navqiron avlod vakillari va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilgan yo‘qlov tadbirida otaxonning hayot yo‘li, urush yillaridagi jasorati va mehnatlari yodga olindi, unga hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Andijon viloyatining Marhamat tumanida istiqomat qiluvchi Iminjon ota Temirov yosh umrining sakkiz yilini urushda o‘tkazgan. U 113-Alohida o‘qchi brigada tarkibida bo‘linma komandiri vazifasida 1941-1942-yillarda Kuban hududidagi janglarda ishtirok etib, so‘ng Janubiy Saxalin va Kuril orollaridagi harbiy harakatlarda qatnashgan. Tinchlik yillarida Iminjon ota o‘z faoliyatini ta’lim sohasiga bag‘ishladi. Uzoq yillar davomida maktabda ustozlik qildi, yosh avlodni bilimli, tarbiyali, Vatanga sadoqatli qilib voyaga yetkazish yo‘lida halol xizmat qildi.
Tadbir davomida yoshlarga Iminjon ota Temirov kabi fidoyi insonlarning mardligi, sabr-toqati va vatanparvarligi namunasi sifatida ulug‘ qadriyatlar haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar faxriy otaxon bilan dildan suhbat qurib, uning duolarini oldilar. Otaxon yoshlar, harbiy xizmatchilar va butun xalqimizga tinchlik, baraka va salomatlik tiladi. Bu kabi uchrashuvlar yoshlar qalbida milliy g‘urur, tarixiy xotiraga hurmat va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati





