Qahramonlar unutilmaydi — ular yuraklarda yashaydi
2025-05-03 13:30:00 / Yangiliklar

Yurtimizda har yili 9-may — Xotira va qadrlash kuni sifatida yodga olinadi. Bu sanada qalblar larzaga keladi, ko‘zlarda g‘urur bilan birga sog‘inch, minnatdorlik bilan birga alam aks etadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari saflarida xizmat qilayotgan harbiylar, faxriylar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va jamoatchilik vakillari tomonidan xotira va sahovatga yo‘g‘rilgan tadbirlar tashkil etildi.
Markaziy harbiy okrug tashabbusi bilan o‘tkazilgan ezgu tashriflar aynan shunday maqsadga yo‘naltirildi. Jizzax garnizoni harbiy xizmatchilari boshqa mutasaddi tashkilot vakillari Zafar Boymurodov xonadonida bo‘lishdi. Vatan yo‘lida halok bo‘lgan mard o‘g‘lonning xotirasi yod etildi, uning yaqinlariga chuqur hurmat bajo keltirildi. Sovg‘a-salomlar, samimiy duolar, ehtirom bilan to‘ldirilgan suhbatlar orqali bu tashrif oddiy bir rasmiy uchrashuv emas, yurakdan yurakka yetgan iliqlik bo‘ldi.
Shunga o‘xshash samimiy yo‘qlov Samarqand garnizonida ham amalga oshirildi. Bu safar harbiy xizmatchilar xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchi Nodir Rajabov xonadoniga yo‘l olindi. Harbiylar uning oilasiga bayram tabrigini izhor etdilar, esdalik sovg‘alari topshirildi, yaqinlari bilan dildan suhbat qilindi.
Darhaqiqat, bu kabi tadbirlar — bugungi avlod uchun amaliy saboq, hayotiy darsdir. Yoshlarda Vatanga sadoqat, xizmat burchiga mas’uliyat bilan yondashish, fidoiylik ruhini tarbiyalash yo‘lida bunday tadbirlar ayni muddaodir. Harbiy burchni bajarish chog‘ida jon fido qilganlarning xotirasini yod etish — bu nafaqat insoniylik, balki yuksak fuqarolik burchi hamdir.
Markaziy harbiy okrug axborot xizmati







