Behbudiy saboqlari – bugunning ham, kelajakning ham ma’naviy yo‘lchirog‘i
2025-05-01 13:20:00 / Yangiliklar

Tanlov Mudofaa vazirligiga qarashli oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari hamda harbiy akademik litsey o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazildi.
Nizomiga muvofiq, ishtirokchilarga insho yozish uchun 1 soat 30 daqiqa vaqt berildi. Shu qisqa fursat mobaynida yoshlar o‘z qalami orqali Mahmudxo‘ja Behbudiyning ibratli hayot yo‘li, millat ravnaqi yo‘lidagi fidoyiligi va ma’rifatparvarlik faoliyatini chuqur tahlil qilishga harakat qildilar. Har bir ishtirokchi o‘z dunyoqarashi, his-tuyg‘ulari va bilim doirasiga tayangan holda, Behbudiy saboqlarining bugungi avlod uchun qanday saboqlar berishini yoritdi.
Insholar nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. Baholash mezonlari orasida mazmun, imloviy savodxonlik, uslubiy aniqlik, so‘z boyligi hamda eng muhimi – mustahkam xulosa chiqarish salohiyati alohida o‘rin egalladi.
Do‘stona ruhda o‘tgan tanlov yakunida ham do‘stlik g‘alaba qozondi. Hakamlar hay’atining yakuniy qaroriga ko‘ra Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursanti Ko‘ziboyev Quvonchbek hamda Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litsey 1-bosqich o‘quvchisi Temirov Suhrob Mudofaa vazirligi nomidan tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash joizki, Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlari va g‘oyalari – bu biz uchun tarixiy meros emas, balki hayotiy qo‘llanma. Uning har bir fikri, har bir tashabbusi yurt taraqqiyoti, xalq ma’rifati va istiqlol yo‘lida fidoyilik namunasi bo‘lib xizmat qiladi. Yoshlarimizda ushbu ruhni shakllantirish yo‘lida bunday tanlovlarning o‘rni beqiyos.
Tanlov yana bir bor isbotladiki, Behbudiy saboqlari – bu bugun ham dolzarbligini yo‘qotmagan, kelajakka yo‘l ko‘rsatuvchi ma’naviy mayoqdir.
Qurolli Kuchlar akademiyasi axborot xizmati







