Yurt faxrini yurakda tuygan bolalar
2025-04-28 09:50:00 / Yangiliklar

Aynan ana shunday ezgu niyat asosida tashkil etilgan “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi va “Shon-sharaf” davlat muzeyiga uyushtirilgan ekskursiya yosh avlod uchun unutilmas taassurotlar manbai bo‘ldi. Bu sayohat ularga nafaqat o‘tmishni anglash, balki kelajakka dadil qadam qo‘yish uchun ilhom bag‘ishladi.
Ekskursiya davomida dastlab bolajonlar “Gʻalaba bog‘i” majmuasining tashqi qismi bilan tanishdilar. Mayin va yuraklarga ta’sirli musiqa sadolari ostida o‘tkazilgan sayohat davomida ular urush davridagi hayot sahnalari, okoplar, blindajlar, dala oshxonalari, temir yo‘l vokzali, eski kutubxonalar va tibbiyot punktlari kabi tarixiy manzaralarni ko‘z oldilarida jonlantirishdi. Bu manzaralar orqali ular o‘tmishda kechgan mashaqqatli hayot haqida tasavvurga ega bo‘lishdi.
Shundan so‘ng sayohatchilar “Shon-sharaf” davlat muzeyiga yo‘l oldilar. Muzeyda urush yillarining og‘ir va shiddatli lahzalari hayotiy manekenlar, harbiy texnika modellari va real eksponatlar orqali jonli tarzda ifodalanib, bolajonlarda chuqur taassurot qoldirdi. Harbiy ofitserlar, mehnatkash va jasoratli o‘zbek ayollari, shifokorlar, vayrona binolar va jangovar texnikalar – bularning barchasi ekskursiya ishtirokchilarining yuragida unutilmas xotiralar qoldirdi.
Bu ekskursiya bir narsani yana bir bor isbotladi – bizning tariximiz g‘ururga to‘la, ajdodlarimiz jasorat namunasi. Bolajonlar ana shu jasoratdan ruhlanib, ertangi kunga ishonch bilan qadam qo‘yadilar.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







