Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yoʻlidagi qahramonlik unutilmaydi
2025-04-25 12:35:00 / Yangiliklar

Bugun ana shu jasur vatandoshlarimizning soʻnmas xotirasini eʼzozlash va ularga hurmat bajo keltirish – bizning ham qarzimiz, ham muqaddas burchimizdir. Chunki bugungi osuda va musaffo osmon, tinch va osoyishta hayot bobolarimizning bukilmas iroda, matonat va jasorati evaziga taʼminlangan. Ularning qahramonliklarini hech qachon unutmasligimiz lozim.
Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida ham 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar, “Jasorat” darslari va “Uch avlod uchrashuvi” loyihalari oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, Qurolli Kuchlar Davlat muzeyida “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yoʻlidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida Ikkinchi jahon urushi faxriylari, Mudofaa vazirligi faxriy xodimlari, muddatli harbiy xizmatchilar hamda “Vatan tayanchi” otryad aʼzolari ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Akmal Akromov va Leningrad qamalida qolgan Nina Sokolova soʻzga chiqib, Prezidentimiz rahbarligida urush yillarida xalqimiz koʻrsatgan jasorat va matonat, mehr-oqibat, insoniylik fazilatlarini qadrlash va bu muqaddas xotirani asrab-avaylash yoʻlida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xususida toʻxtalib oʻtdilar. Ular urush yillaridagi esdaliklari bilan oʻrtoqlashib, yoshlarni hushyorlikka, ogohlikka va ajdodlar ibratini asrab yashashga daʼvat etdilar.
Tadbir davomida “Impuls” harbiy ansambli xonandalari ijrosidagi tinchlikni ulugʻlovchi kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, muddatli harbiy xizmatchilar va oʻquvchi-yoshlar muzeydagi tarixiy eksponatlar bilan yaqindan tanishib, oʻtmish sahifalariga nazar tashlashdi.
Bu kabi tadbirlarning oʻtkazilishi yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni milliy qadriyatlar va tarixiy xotiralarni asrab-avaylashga undash hamda keksa avlod vakillariga boʻlgan eʼtibor va ehtiromni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






