Qoraqalpogʻistonlik maktab bitiruvchilari amaliy oʻq otish mashqlarini bajardi
2025-04-24 16:55:00 / Yangiliklar

Shu yilning mart oyida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugga qarashli “Nukus” umumqoʻshin poligoni negizida oʻn olti mingga yaqin qoraqalpogʻistonlik bitiruvchi sinf oʻquvchilari jangovar quroldan amalda tayyorlov oʻq otish mashqlarini bajardi.
Poligonda yaratilgan oʻquv nuqtalarida ofitser va serjantlar rahbarligida yuqori sinf oʻquvchilarning jangovar qurollar bilan muomala qilishi, ulardan foydalanishi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etishi boʻyicha tushunchalar berilib, oʻquv nuqtalarida granatalarni uloqtirish, avtomat oʻqdonini patron bilan oʻqlash, aniq moʻljalga olishni oʻrganish, turli holatlardan qurolni otishga tayyorlash, avtomatni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish kabi mashqlar yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan bajarildi.
Birinchi marotaba quroldan amaliy oʻq otish mashqlarini bajargan yoshlar 100 metr uzoqlikda turgan nishonga qarata 3 donadan oʻq uzib, maktabda oʻtilgan chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlikdan olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlash imkoniga ega boʻlmoqda.
Mashgʻulotlar doirasida oʻrganuvchilarga jangovar texnika, qurol-aslaha, harbiy anjom va oʻqotar qurol namunalari koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Haqiqiy qurollar bilan tanishuv, ularning jangovar imkoniyatlari va texnik tavsifi haqidagi maʼlumotlar boʻlajak yurt himoyachilarida katta taassurotlar qoldirdi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda xalqimiz tarixiga va maʼnaviy qadriyatlariga yuksak hurmat tuygʻusini shakllantirish, Vatan himoyasiga, uning milliy xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini taʼminlashga doimo shay turishga hamda harbiy xizmatni oʻtashga tayyorlash tizimini isloh qilish natijasida yoshlarni harbiy xizmatga qadar tayyorlash tizimini yanada rivojlantirishga erishilmoqda.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati







