Jasorat va fidoyilik namunasi bo‘lgan avlod
2025-04-24 15:50:00 / Yangiliklar

Ta’kidlash joizki, mazkur tadbir xalqimizning ko‘rsatgan jasorat va fidoyiligi, bugungi tinchlik ne’matini qadrlash hamda tarix oldidagi mas’uliyatni chuqur anglashning amaliy ifodasidir. Xalqimizga xos bag‘rikenglik, insonparvarlik, keksa avlod vakillariga hurmat-ehtirom kabi ezgu fazilatlar ana shunday uchrashuvlarda namoyon bo‘ladi.
Orifjon ota Mo‘minov 1924-yilda Farg‘ona tumanining Vodil qishlog‘ida dunyoga kelgan. Yoshligidan mehnatsevarlik, sadoqat va vatanparvarlik ruhida ulg‘aygan Orifjon ota 1943 yilda, hali 19 yoshga ham to‘lmagan bir vaqtda, akalari ortidan Ikkinchi jahon urushiga jo‘nab ketadi. Urush yillarining mashaqqatli va og‘ir sinovlariga bardosh bergan otaxon 1950-yilda Vatanga sog‘-salomat qaytib kelganidan so‘ng hayotini tinimsiz mehnatga bag‘ishlaydi.
Orifjon ota 40 yil davomida kolxozda traktorchi bo‘lib ishlab, yurt ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qiladi. Turmush o‘rtog‘i bilan 15 nafar farzandni voyaga yetkazgan, hozirda esa 42 nafar nevara, 54 nafar chevara va 2 nafar evaraning suyukli bobosi sifatida e’zozlanmoqda.
Tadbir davomida faxriyga esdalik sovg‘alari topshirildi, iliq tilaklar bildirildi. Nuroniy otaxon bilan bo‘lib o‘tgan samimiy suhbatda yoshlar tarixiy xotirani asrash, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, buyuk ajdodlar yo‘lini davom ettirish haqida chuqur mulohazalar bildirishdi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati







