Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida umumarmiya sport musboqalariga start berildi
2025-04-22 20:05:00 / Yangiliklar

Unda Mudofaa va Sport vazirliklarining rahbariyati, davlat va jamoat tashkilotlarining vakillari hamda harbiy okrug va muassasalar miqyosida saralangan eng kuchli jamoalar ishtirok etishdi.
Ta’kidlash joizki, ushbu musobaqa Mudofaa vazirligi miqyosida har ikki yilda bir marotaba, harbiy okrug va muassasalarda esa har yili o‘tkazilib, unda okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalardan saralangan eng kuchli jamoalar bellashuvga kirishadi.
Marosimda mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Zaynobiddin Iminov so‘zga chiqib, ushbu musobaqa harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash, jangovar shaylikni oshirish va harbiy sportchilar safini kengaytirish bilan birga, harbiy xizmatchilarning erishayotgan yutuqlarini ommaga keng targ‘ib qilishda muhim o‘ringa ega ekanligini takidlab, barcha jamaolarga omad tiladi.
Musobaqa doirasida harbiy xizmatchilar sportning qo‘l janggi, armiya biatloni, pichoq uloqtirish, tosh ko‘tarish, badminton, yengil atletika, milliy kurash, o‘q otish sporti hamda ofitserlar uch kurashi kabi bellashuvlarda o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishadi.
Darhaqiqat, ushbu bahslar harbiy xizmatchilarni har tomonlama toblab, jismonan sog‘lom etib tarbiyalashga va Yangi O‘zbekiston armiyasining mustahkam poydevori bo‘lishiga xizmat qiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









