“Ibratli harbiy oila — kelajak avlod uchun namuna!”
2025-04-22 10:25:00 / Yangiliklar

Samimiy va do‘stona raqobat ruhida kechgan tanlovda harbiy oilalar “Oilam – mening baxtim”, “Darts”, “Musiqiy kompozisiya” va “She’riy gulshan” kabi shartlarda o‘zaro bellashdi. Ishtirokchilar sahna orqali mehr-oqibat, hurmat, hamjihatlik, farzandlar tarbiyasiga e’tibor kabi qadriyatlarni namoyon etib, chin ma’noda ibratli oila ekanliklarini isbotlashdi.
Tanlovga kelgan harbiylar va ularning oilalari ishtirokchilarga qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatib, ularning iste’dodi, tayyorgarligi va jamoaviy birdamligidan chuqur taassurot olishdi. Har galgidan-da qiziqarli va hayajonli kechgan bahslar hakamlar hay’atiga eng munosib g‘olibni aniqlashda ancha murakkablik tug‘dirdi.
Adolatli va shaffof baholash tizimi asosida to‘rt farzandning ota-onasi bo‘lgan, III darajali serjant Fozil Karimov va Marhabo Karimova oilasi birinchi o‘rinni egallab, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga sazovor bo‘ldi. Endilikda ushbu oila ko‘rik-tanlovning Mudofaa vazirligi bosqichida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug sharafini himoya qiladi.
Tanlov g‘oliblari va sovrindorlar harbiy okrug qo‘mondonligining faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati







