Vatanga qasamyod – muqaddas burch
2025-04-20 17:15:00 / Yangiliklar

Tantanali tadbirlarda Mudofaa vazirligi mas’ullari, harbiy okrug qo‘mondonligi, viloyat hokimliklari, kuch tuzilmalari vakillari, Jamoatchilik kengashi a’zolari, harbiy xizmatchilar, ota-onalar va askarlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar ona Vatanni qoʻriqlash kabi sharafli vazifani o‘zining eng oliy burchi deb bilgan askarlarni samimiy qutladi, muddatli harbiy xizmati davomida ularga ulkan zafarlar tiladi.
Shu bilan birga, vazirlik, harbiy okruglar va harbiy qismlarning masʼul ofitserlari tomonidan mudofaa vazirining askarlarga tabrigi oʻqib eshittirildi.
Askarlar buyuk ajdodlarning pok ruhlari oldida, Vatani oldidagi burchini halol bajarishga bel bogʻlab, vijdoni, or-nomus va shaʼnini oʻrtaga qoʻyib, Oʻzbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq boʻlishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda ont ichdi.
Vatanga qasamyod tadbirlari konsert dasturlari bilan davom etdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti









