"Kelajak muhandislari" xalqaro festival doirasida muhandis harbiylar e’tirof etildi
2025-04-18 12:40:00 / Yangiliklar

“Muhandislar oyligi” doirasida tashkil etilgan mazkur festivalda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalarining eng iqtidorli muhandis va ixtirochi harbiy xizmatchilari hamda kursantlarining ishtiroki ko‘pchilik kuzatuvchilarning e’tibor markazida bo‘ldi.
Xususan, ular tomonidan yaratilgan robototexnikalar muhandislik yo‘nalishidagi yangilik bo‘ldi. Amaliy va nazariy mashgʻulotlar, dronlar, dasturlash va boshqaruv texnologiyalari koʻrgazmasi, innovatsion gʻoyalar va ishlanmalar yaratish borasida olib borgan ishlari tahsinga sazovor bo‘ldi.
Festival so‘ngida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha nominatsiyalar va o‘rinlar o‘z egalariga topshirildi. Unga ko'ra, "Eng faol jamoalar e'tirofi" nominatsiyasida Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti tilga olingan bo‘lsa, alohida faol ishtiroki bilan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalar va aloqa harbiy instituti kursantlaridan tashkil topgan "Legion" jamoasi “Robo wars” yo‘nalishi bilan ikkala o‘rinni band etdi.
Quvonarlisi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan harbiy xizmatchilarimiz pul mukofotlari bilan birga Yaponiyaning Osaka shahrida o'tkaziladigan "Japan expo 2025" butunjahon ko'rgazmasida ishtirok etish yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







