Yetakchi professional bo‘lishi kerak
2025-04-12 19:55:00 / Yangiliklar

Toshkent harbiy okrugidagi “Chirchiq” dala o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida xizmat qilib kelayotgan jangovar tayyorgarlikka mas’ul ofitserlar va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida o‘tkazilgan o‘quv-uslubiy yig‘inda ham ushbu fikrlar alohida ta’kidlandi.
Bir necha kun davom etgan mazkur yig‘in nazariy va amaliy tarzda olib borildi. Har bir jarayon ishtirokchilar uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Zamonaviy bilimlar chuqur tahlil etildi. Mintaqa va jahonda yuz berayotgan harbiy siyosiy vaziyatdan kelib chiqib, amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish zarurligi misollarda keltirib o‘tildi.
Yig‘inda mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov ham qatnashib, so‘ngi yillarda davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan barcha sohalar singari milliy armiyamizning jangovar qudratini yanada oshirish, saflardagi harbiy xizmatchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratib kelayotganini e’tirof etdi.
Taktik tayyorgarlik, qo‘shinlarni mohirona boshqarishda komandirlarning salohiyati, shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy sifatlarini mustahkamlash, qurolli to‘qnashuvlarning qiyosiy tahlili, shuningdek, jang olib borishning zamonaviy usullarini o‘rganish va eng maqbullarini qo‘shinlarda joriy etish... bular keng qamrovli o‘quv-uslubiy yig‘indan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan etib belgilab olindi.
Shaxsiy tarkibning jangovar shayligi, qo‘yilgan topshiriqni qay darajada uddalay olishi... albatta, bu jangovar tayyorgarlikka mas’ul vakillarning nechog‘lik o‘z kasbining ustasi ekaniga, bilimli va vaziyatni to‘g‘ri baholay olish qobiliyatiga bog‘liq, – deydi podpolkovnik Oybek Qosimov – Shu sabab ham uslubiy yig‘inda ishtirokchilarning qo‘l ostidagi bo‘ysunuvchilari bilan amaliy mashg‘ulotlarni bugungi kun talablariga mos tarzda tashkil etish, jangovar topshiriqlarni sifatli va samarali o‘tkazish, qurolu aslahalar va harbiy texnikalardan foydalanish kabi masalalarni o‘zida jamlagan o‘quv joylarida ayni savollar yetakchi mutaxassislar bilan birgalikda ko‘rib chiqdik. Eng muhimi, biz nafaqat tinglovchi, balki amaliyotchi sifatida ham yig‘inda qatnashdik. Har bir o‘quv joyida mashg‘ulot rahbari va ishtirokchilar o‘rtasida amaliy tajriba almashishga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv-uslubiy yig‘in ishtirokchilari, qo‘shinlarda shaxsiy tarkib bilan o‘quv yili davomida jangovar tayyorgarlikni tashkillashtirishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirdi, yangi yondashuv va uslublarni o‘rgandi.
Belgilangan topshiriqni bajarish uchun harbiy xizmatchilarga puxta bilimu iroda va mahorat kerak. Boshqa o‘quv joyida zirhli jangovar texnikalarni boshqarish, ekipaj a’zolarining vazifalarni bajarishi borasidagi harakati, yaradorlarni xavfsiz hududga olib chiqish amaliyotlari ham ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi.
Yig‘in rejasidan joy olgan o‘quvlar nafaqat kunduzgi sharoitlarda, balki tungi, ko‘rish cheklangan vaziyatlarda ham olib borildi.
Qisqasi, qo‘shinlar istalgan daqiqada o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga qodir bo‘lishi kerak. Buning uchun har bir harbiy xizmatchi jangovar tayyorgarlik bo‘yicha muntazam shug‘ullanish, o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib bilimlar egallashi orqali haqiqiy professional kadr bo‘lib shakllanadi. Yetakchi esa ularning o‘ziga ishonchini oshiradi. Yig‘inning bosh maqsadi esa jangovar tayyorgarlikka mas’ullarning mas’uliyatini yanada oshirishdan iborat. Va shunday ham bo‘ldi. Natijalar esa ko‘p kuttirmay o‘z samarasini beradi albatta.
Kapitan Shohrux SAIDOV,
Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









