Asosiy kontentga o'tish

Korrupsiya – jamiyat tanasidagi saraton!

2025-04-04 19:15:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari ishtirokida shu yilning 5-mart kuni o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekani ta’kidlangan edi. Prezidentimiz o‘z nutqida “Hammamiz yagona kuch bo‘lib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, san’at va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerak”, – deyagan ezgu g‘oyani ilgari surdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir sohada korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olinishi hamda jamiyatning illatiga barham berilishi bo‘yicha bergan topshiriqlariga muvofiq Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qator profilaktik tadbir va suhbatlar olib borilmoqda. Tadbirlarning barchasi sohada korrupsiya va unga olib boruvchi omillarni yo‘qotish, harbiy xizmat nufuzi va mavqeini yuksaltirish, xavfsiz xizmat sharoitlarini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Urganch harbiy prokuraturasi hamda huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ishtirokida garnizondagi harbiy qismlarning birida o‘tkazildi. «Korrupsiya – jamiyat tanasidagi saraton!» mavzusida tashkil etilgan profilaktik tadbirda harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar ishchi-xizmatchilarining mavzu yuzasidan huquqiy bilimlari boyitilib, qiziqtirgan savollariga soha vakillari tomonidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlash joizki, bugungi globallashuv zamoni, mintaqalar va davlatlararo integratsiya jadallashib borayotgan murakkab bir sharoitda korrupsiya barcha mamlakatlarda ham qator muammolarni keltirib, jamiyatni ich-ichidan yemirib, parokanda qilib tashlash xavfini vujudga keltiryapti. Jamiyat kushandasiga aylanib borayotgan korrupsiya, ta’magirlik, tovlamachilik, firibgarlik kabi jinoyatlarning turli usul va vositalari ko‘payib, mamlakatimizda ularga qarshi kurash jadal olib borilmoqda.

Tadbirda ta’kidlanganidek, korrupsiya, ta’magirlik, tovlamachilik, firibgarlik – bu har bir jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini izdan chiqaruvchi eng xavfli jinoyatlardir. Ularga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘lmish aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatimizda bu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish – eng dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Uchrashuv yakunida mavzu yuzasidan hujjatli video film namoyish etildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati

253

Oxirgi yangilanish: 2025-04-04 19:19:22

Korrupsiya – jamiyat tanasidagi saraton!