Generalni asir olgan o‘zbekistonlik jangchi
2025-04-04 17:20:00 / Yangiliklar

9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Bekseit otaga ehtirom ko‘rsatilib, uning xonadonida mehmon bo‘lganlar bir asrdan ko‘p umr kechirgan urush faxriysining tetikligidan hayratlangan bo‘lsa ajabmas. Chunki mehmonlarni quchoq ochib kutib olgan otaxonni ko‘kragidagi orden, medallarsiz ko‘rgan odam 101 yoshni qarshilagan deb o‘ylamasdi.
Yuqori Chirchiq tumani mudofaa ishlari bo‘limi xodimlari, mahalla faollari hamda tumandagi 24-o‘rta maktab o‘quvchilaridan iborat guruhning go‘yoki ko‘z o‘ngida 1942-yilda frontga otlangan navqiron yigit gavdalanganday bo‘ldi. Mehmonlar Bekseit Baymirzayev xonadoniga kirib kelganida 101 yoshli urush faxriysi ularni bir tomoni keng dalalarga tutashib ketgan hovlisidagi so‘rida xursandchilik bilan kutib oldi. Bir piyola choy ustida bugungi osuda hayotimizni ta’minlagan, yurtdoshlarimizning g‘alabaga qo‘shgan jasorati xotirlandi.
– 1942-yili pedagogika bilim yurtida o‘qib yurgan kezlarim frontga chaqiruv qog‘ozi keldi.
Otaxon o‘z boshidan kechirganlari haqida xotiralar ekan, barchaning diqqat-e’tibori bir nuqtaga jamlandi.
– Avvaliga Kuybishev (hozirgi Samara) shahridagi serjantlar tayyorlash markazida 3 oylik kursga jo‘natishdi. Shundan so‘ng 1-Ukraina fronti 164-alohida artilleriya brigadasi tarkibida aloqachi, keyinchalik 82 mm minomyot batalyonida bo‘linma komandiri sifatida janglarda qatnashdim. Batalyonimiz Ukraina, Polsha va Chexoslovakiyaning o‘nlab shaharlarini fashist bosqinchilaridan ozod qilib, g‘alabani 10 may kuni Praga ostonasida kutib olganmiz.
– Urush o‘z nomi bilan urush. Janglarda ko‘plab quroldosh do‘stlarimdan ayrildim. Bir necha marta nemislarni asirga tushirib kelish uchun jo‘natilgan razvedka guruhlarida qatnashdim. Komandirlar tomonidan berilgan ana shu topshiriqlarni bajarish chog‘idagi xizmatlarim uchun ordenlar va bir qator medallar bilan taqdirlandim.
– Praga ostonasidagi so‘nggi jangdan keyin batalyondagi yoshi katta jangchilar o‘z uylariga jo‘natildi. Men boshqa quroldosh do‘stlarim bilan 1 va 2-Uzoq sharq frontida yapon imperialistlariga qarshi urushda qatnashdim. Men uchun eng qadrli bo‘lgan yuksak mukofot aynan yapon urushidagi qahramonligim uchun berishgan. Janglarning birida bo‘linmamiz bilan dushman qo‘mondonlik shtabini ishg‘ol qildik. Qarshilik ko‘rsatish befoydaligi, tepada bizni qo‘llab-quvvatlab turgan aviatsiya hujum qilsa ko‘p qon to‘kilishi mumkinligidan cho‘chigan yapon askarlari qo‘mondonlik shtabining general o‘tirgan xonasini ko‘rsatib yubordi. O‘zini xarakiri qilishga ulgurmagan general ham taslim bo‘lishdan boshqa chora topa olmagandi... Qishning qahraton sovug‘i, issiq va yomg‘irli kunlar, oziq-ovqat tanqisligiga qaramay dushman ustidan g‘alaba qozondik. Ne-ne navqiron yigitlar urush maydonlarida nobud bo‘lishdi. Ular qatorida ukam Mamay Baymirzayev ham bor. Urushdan keyin ukamning taqdirini so‘rab-surishtirganimda, Mamay Stalingrad uchun bo‘lgan janglarda halok bo‘lganligini aniqladim. Yana bir ukam – Tog‘ay Baymirzayev menga o‘xshab frontdan eson-omon qaytib kelgan. Yurtga qaytgandan keyin oila qurib, turmush o‘rtog‘im Gulayim Zayilova bilan to‘rt farzandni voyaga еtkazdik. Ming shukrki, ularning bari oliy ma’lumotli. Ha aytgancha, biznikiga kelaverishdagi ikki qavatli maktabga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Shu bilim maskanida deyarli 40 yil direktor lavozimida ishladim. Maktab qurilishida urush qatnashchiligim rosa qo‘l kelgan. Negaki, o‘sha paytlar rahbarlar kamsonli mahallamiz aholisi uchun ikki qavatli maktab kattalik qiladi deya qarshilik ko‘rsatishgan. Ammo yo‘lini topib maqsadimizga erishganmiz. O‘shanda rahbarlar uzoqni ko‘ra bilishmaganda. Hozir o‘quvchilar soni ko‘payganiga qaramay, ta’lim maskani o‘z bag‘riga ularni bemalol sig‘dira olyapti.l
– Xonadonimga mehmon bo‘lib kelgan o‘g‘il-qizlarim! Biz ko‘rgan hech qachon kunlar sizlarning boshingizga tushmasin. Tinch-osuda kunlarning qadriga yеtib, faqat ilm olish orqali yurtimiz kelajagining poydevorini mustahkamlashda o‘z hissangizni qo‘shing. Vatan himoyachisi bo‘lishga ahd qilgan bo‘lg‘usi ofitserlar, sizlarga nasihatim shuki – hamisha o‘z sevgan kasbingizga sodiq bo‘lib, sharafli kasbingiz ortidan faqat va faqat hurmat-e’tibor toping.
Bekseit Baymirzayev yurtimizga, tinchligimizga, to‘kin hayotimizga shukronalik keltirib, yoshlarni ana shu tarzda duo qildi.
“Vatan tayanchi” otryadiga hamrohlik qilgan Yuqori Chirchiq tumani mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, ustozlar, 24-maktab Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi otaxonning o‘gitlari va urush xotiralari yoshlarda vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashini ta’kidladilar. Yo‘qlov davomida maktab o‘quvchilari faxriyning hovlisidagi obodonlashtirish ishlarida qatnashdi.
Asror RO‘ZIBOEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti



