“Shon-sharaf” davlat muzeyi noyob eksponatlar bilan boyitildi
2025-03-19 16:10:00 / Yangiliklar

Abdusamat Taymetov ana shunday sheryurak o‘zbek o‘g‘lonlaridan biri, birinchi o‘zbek uchuvchisi, Ikkinchi jahon urushi davrida eng asosiy va ma’suliyatli hamda sharafli bo‘lgan vazifalarni qahramonlarcha ado etgan Vatan fidoyisidir.
Majmua hududidagi harbiy texnikalar orasida "Li 2" rusumidagi samolyot o‘rin olgan. Aynan shu rusumdagi samolyotda Abdusamat Taymetov Berlinga parvoz qilib, “Germaniyaning urishda so‘zsiz taslim bo‘lganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma”ni va “Gʻalaba bayrog‘i”ni ekipaj a’zolari bilan birgalikda olib kelishga muyassar bo‘lgan. Bundan tashqari, 1941-yil mart oyida Sirdaryo shaharchasidagi uchuvchilar tayyorlash eskadrilyasiga komandir etib tayinlangan Abdusamat Taymetov 1941-1942-yillar oralig‘ida 71 nafar uchuvchini tayyorlab, 1943-yilda 30 dan ortiq "Li-2" samolyotlarini frontga yetkazib berish vazifasini bajaradi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “Shon-sharaf” davlat muzeyi kun sayin yangi eksponatlar bilan boyitib kelinmoqda. Bugun Abdusamat Taymetovning oila a’zolari majmuaga tashrif buyurib, qahramonimizga tegishli bo‘lgan shaxsiy buyumlar hamda uning medallarini taqdim etishdi. Bu esa, “Shon sharaf” davlat muzeyining noyob eksponat bilan boyitilganligining yorqin namunasidir.
– Abdusamat Taymetovdek fidoyi insonning nabirasi ekanligim nafaqat menga faxr tuyg‘usini beradi, balki o‘z navbatida bobom qoldirgan ibratli yo‘ldan yurish, unga munosib davomchi bo‘lishdek mas’uliyatni yuklaydi, – deydi qahramonimizning nabirasi Lola Taymetova.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, Abdusamat Taymetovning ismi tilga olinganida aviatsiya faxriylari hamda yosh uchuvchilar qalbida g‘urur va faxr namoyon bo‘ladi. Qahramonimizning ibratli hayot yo‘li, Vatani tinchligi va osoyishtaligini ta’mindashda qo‘shgan hissasi hamda ko‘rsatgan qahramonliklari kelajak avlodlarni komil va vatanparvar bo‘lib voyaga yetishlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Vatan fidoyilari bor ekan, shu yurtda tinchlik hukm suradi. Ona Vatan osoyishtaligi va farovonligi uchun jonbozlik ko‘rsatgan yurt o‘g‘lonlari qalblarda mangu yashaydi.
Nargiza Safarova, “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi matbuot kotibi




