Shimolda “Yashil makon” umummilliy loyihasiga jiddiy e’tibor berilmoqda
2025-03-18 09:25:00 / Yangiliklar

Ta’kidlash joizki, ekologiya va atrof muhitni yaxshilash, hududlarni obod va ko‘rkam qiyofaga keltirish maqsadida “Yashil makon” – bu kelajak avlod oldidagi bizning majburiyatimiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan «Yashil makon» umummilliy tadbiri Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug hududida ham shiddat bilan davom etmoqda. Mavsum davomida harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi harbiy qism va muassasalar, shuningdek, hududiy davlat o‘rmon xo‘jaligining bo‘sh turgan yerlariga 176 726 dona manzarali hamda 4 587 tup mevali daraxt ko‘chatlari va butalar ekilgan.
Nukus garnizonida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi g‘ayrat va shijoat bilan boshlandi. Shuningdek, tadbirlarda harbiy xizmatchilar faol qatnashib, mamlakatimiz ekologiyasining kelajagi uchun ulkan umidlar bilan Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qism va muassasalar hududlariga ko‘chatlarni ekib chiqishmoqda.
Harbiy qism va muassasalar, harbiy shaharchalar hududlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida bo‘sh yerlarga manzarali daraxtlar ekilmoqda. Ko‘chatlarni o‘tqazishdan oldin unumsiz qum va tuproq olib tashlanib, o‘rniga maxsus aralashmali tuproq substansiyasi qo‘yilmoqda.
Nukus va Urganch garnizonlarida ummummiliy loyiha uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati





