Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!
2025-03-17 15:15:00 / Yangiliklar

Surxon vohasining shahar va tumanlarida ham “Navro‘z” ayyomi keng nishonlanmoqda. Kuni kecha Jarqo‘rg‘on tumanidagi "Qo‘shtepa" mahallasi adirligiga tashrif buyurganlar “Navro‘z” saylining bevosita ishtirokchisiga aylandi.
Erta tongdan qo‘rg‘onlar, o‘tovlar, chodirlar rostlanib, sumalak sayllari boshlab yuborildi. Kun davomida Surxon vohasining o‘ziga xos an’analarini aks ettiruvchi xalq amaliy san’ati, milliy hunarmandchilik, milliy taomlar, tarixiy va milliy liboslar ko‘rgazmalari, shuningdek, milliy raqs san’ati va folklor jamoalar hamda harbiy baxshilar va orkestrning chiqishlari namoyish etildi. Shu bilan birga, “Vatanparvar” tashkiloti sportchilari tomonidan uchirilgan varraklarning parvozi Navro‘z shodiyonasi ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishladi.
Taniqli san’atkorlar, viloyat Madaniyat markazi xonandalari ijrosidagi qo‘shiqlar hamda Termiz garnizoni harbiy orkestrining kuy va sadolari davraga chinakam bayramona shukuhni olib kirdi. Harbiy qismlardan tashrif buyurgan mohir oshpazlar tomonidan tayyorlangan o‘zbek milliy taomlari sayl mehmonlariga hamda ishtirokchilariga ulashildi.
Surxon vohasida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirokidagi bayram tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni








