Bayram arafasida harbiylarning oila a’zolari ish bilan ta’minlandi
2025-03-14 14:15:00 / Yangiliklar

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy shaharchada harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash maqsadida yangi tikuv sexi ishga tushirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda so‘z olganlar mudofaa tizimida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab, harbiylarga keng imkoniyatlar berilayotganini olqishlashdi.
Mazkur sex hozircha 10 dona zamonaviy tikuv mashinasi bilan ta’minlangan bo‘lib, bu yerda yurt posbonlarining turmush o‘rtoqlari o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishdi. Bu esa, albatta, tikuvchi ayollarni o‘z bilim va ko‘nikmalarini ishga solib, oilaviy turmushini yanada yaxshilash va oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi, desak mumolag‘a bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, sifatli mahsulot ishlab chiqarish tikuvchilarni eng asosiy maqsadlaridan biridir. Shu bois xodimlarga tajribali mutaxassislar tikish va to‘qish sirlarini o‘rgatib borishadi. Sexda endigina ishlashni boshlagan opa-singillarimiz uchun bu faqat ish joyi emas, balki ularning turmush sharoitlarini yaxshilash va o‘zlarining kasbiy mahoratini oshirish imkoniyatidir.
Qolaversa, mazkur tashabbuslar harbiy shaharcha aholisi farovonligini oshirish va ularning ijtimoiy hayotiga yangi o‘zgarishlar kiritishga qaratilgan. Bu kabi yoqimli jarayonlar esa harbiy xizmatchilarning keyingi faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, albatta.
III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni





