Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida bayram tantanasi
2025-03-07 17:05:00 / Yangiliklar

Unda Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Zaynobiddin Iminov, boshqarma boshliqlari, taniqli san’atkorlar va vazirlik tizimida xizmat qilayotgan dilbar ayollar ishtirok etdi.
Tantana avvalida so‘z olgan Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i barcha ayollarni bahor ayyomi va nafosat bayrami bilan samimiy qutladi va mudofaa vazirining xotin-qizlarga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Shu kuni ayollar sha’niga aytilgan yaxshi gaplar, maqtovlar asnosida so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatimizdagi o‘rni va mavqeini oshirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tilga olindi. Nozik qalb egalariga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor, ehtirom sabab ularning har jabhada faolligi ko‘zga tashlanayotgani, jumladan, harbiy sohada ham erkaklar bilan bir safda mardonavor turib fidokorona xizmat qilayotgan ayollarning borligi, ulardagi fidoiylik, burchga sadoqat olqishlandi.
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri aktyori Mehmonali Salomov ijrosidagi badiiy chiqish, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari hamda taniqli san’atkorlar ijrosidagi konsert dasturi esa kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Podpolkovnik Gulnora HOJIMURODOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar deparatemnti









