Chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga kuzatish tadbirlari boshlandi
2025-03-04 19:45:00 / Yangiliklar

Bugun, 4-mart kuni respublikamiz bo‘ylab joylardagi yig‘in punktlarida yigitlarni muddatli harbiy xizmatga kuzatishning dastlabki marosimlari bo‘lib o‘tdi. Tantanali kuzatuvda davlat va jamoatchilik tashkiloti vakillari, mudofaa ishlari boshqarmalari xodimlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, yoshlar va milliy armiyamiz safiga yo‘l olgan yigitlarning ota-onalari ishtirok etdi.
Kuzatuv marosimida so‘zga chiqqan jamoatchilik vakillari, ota-onalar yigitlik burchini o‘tashga otlangan o‘g‘lonlarga sharafli burchiga sodiqlik, chidam, sabr-bardosh va harbiy xizmatda ulkan muvaffaqiyatlar yo‘ldosh bo‘lishini tiladi. Darhaqiqat, harbiy xizmatga borish, xalqimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, Vatan himoyasi har bir yigit kishi uchun eng sharafli vazifalardan biridir.
Eslatib o‘tamiz, chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga ega bo‘lmagan O‘zbekistonning chaqiruv yoshidagi fuqarolari 2025-yilning mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi. Shuningdek, muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilar 2025 yilning mart-aprel oylarida Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









