Farg‘onada “Jasorat maktabi”ning navbatdagi mavsumi yakunlandi
2025-02-28 19:40:00 / Yangiliklar

Marosimda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 100 nafar yigitlar yig‘inni muvaffaqiyatli tugatgani munosabati bilan maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alarini qabul qilib oldi. Tadbir samimiy izhorlar, quvonch yoshlari, ko‘ngildagi faxr, g‘urur va hayajonga boy tarzda o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan vaqt davomida yoshlar harbiy muhitda bo‘lishdi. Ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilar tomonidan turli mavzularda seminar-treninglar tashil etildi.
Shuningdek, Farg‘ona shahar “Kasbiy ko‘nikmalar markazi”da yig‘in ishtirokchilari qiziqishlari va qobiliyatlariga qarab turli guruhlarga bo‘linib, ularning kasbiy rivojlanishiga yo‘naltirilgan maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlar doirasida ishtirokchilarga zamonaviy IT-texnologiyalari bo‘yicha asosiy tushunchalar va dasturlash asoslari o‘rgatildi. Shuningdek, tadbirkorlikka qiziquvchilar uchun biznes-reja tuzish, moliyaviy savodxonlik, startaplarni yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlarda amaliy seminarlar tashkil etildi.
Bundan tashqari, kasb-hunar yo‘nalishida ishtirokchilar an’anaviy va zamonaviy kasblar bo‘yicha saboq olishdi. Mutaxassislar tomonidan olib borilgan ushbu treninglar yoshlarga nafaqat kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarni balki, kelajakda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishlari uchun zarur bo‘lgan muhim tajribalarni ham taqdim etdi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati







