Biatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi
2025-02-24 14:10:00 / Yangiliklar

Mudofaa vazirligi Tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazida o‘tkazilgan biatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida sportsevar yoshlar bir manzilda jamlandi.
Mudofaa vazirligi hamda hamkor tashkilotlar bilan birga o‘tkazilgan mazkur musobaqada ishtirokchilar bir necha kun davomida bahslardan joy olgan shartlarda o‘zaro kurash olib bordi. Tog‘ oldi hududlarda kechgan chempionat qatnashchilarning chidamliligini, bardoshini va tezkorligini sinovdan o‘tkazdi. O‘g‘il bolalar va qizlar yakka hamda jamoa tarkibida birinchilik uchun harakat qildi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu chempionatda qatnashayotgan yoshlar quyi bosqichlarda tengqurlari ustidan g‘alaba qozonib, tengsiz ekanini amalda isbotlagan. Biroq yakuniy bahslarda ular yanada ilg‘orroq bo‘lishlari kerak. Chunki bu yerda eng munosiblar jamlangan. Ularning har biri o‘z yoshi toifasida katta tajriba to‘plagan. Ustoz-murabbiylaridan kerakli bilimlarni olgan. Biatlonning muhim sirlarini o‘rgangan.
– Bugun yana bir g‘alabani qo‘lga kiritdim, – deydi chempionat g‘olibasi Shahlo Abdiyeva. – Ochig‘i, bu oson kechmadi. Sababi raqiblarim ham yuqori tayyorgarlik ko‘rgan. Yetarli tajribaga ega. Ammo bugun mening omadim ko‘proq chopdi. Chunki sportda bir yutasiz, keyingi safar yutqazasiz. Shuning uchun ham murabbiylarimiz bahslarda mag‘lubiyatga ham tayyor tur, deb o‘rgatishadi. Biatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining bu yilgi bahslarida birinchi o‘rinni egalladim va keyingi musobaqalarda ham mana shunday natijalarni qayd etish uchun tinimsiz izlanishdan to‘xtamayman. Maqsadim yurtimiz bayrog‘ini xalqaro maydonda ham yuqori ko‘tarib, bildirilgan ishonchni oqlashdan iborat.
Chempionatda nafaqat bilimlar to‘qnashdi, balki jamoalarning o‘zaro jipsligi, tarkibning chidamliligi va merganligi ham qadam-baqadam sinovdan o‘tdi. Yakunda eng munosiblar tanlab olindi. G‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Kapitan Shohrux SAIDOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









