“Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasining hududiy bosqichi g‘oliblari aniqlanmoqda
2025-02-13 15:10:00 / Yangiliklar

Erta tongdan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi saf maydoniga o‘nga yaqin jamoa saf tortib, davlatimiz madhiyasi sadolari ostida musobaqaning shahar bosqichi uchun kurashlarga kirishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan tashkilotchilar yoshlarga qiziqarli bellashuvlarda omad tilab, do‘stona bahslarda haqiqiy Vatan himoyachilari kashf etilishiga ishonch bildirishdi. Shundan so‘ng shartlarni bajarish yuzasidan qur’a tashlandi va jamoalar o‘zaro murosasiz kurashga kirishdi.
Musobaqa davomida ishtirokchi jamoalardan 4 nafar o‘gil bola va 3 nafar qiz bola ishtirok etib, saf qo֥‘shig‘ini ijro etish, AK-74 o‘quv qurolini qismlarga ajratish va yig‘ish, “Mohir mergan”, kamondan o‘q otish, 20 metr masofaga arqondan o‘tish, umumqo‘shin himoya vositalarini kiyish, turnikda tortilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi shartlarda o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, musobaqa davomida barcha raqiblarini ortda qoldirgan Abdulla Qodiriy ijod maktabining “Jasoratli yoshlar” jamoasi musobaqaning respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Olmazor tuman ixtisoslashtirilgan maktabining “Temuriylar” va Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashgan sport maktabining “Boks chempionlari” jamoalariga nasib etdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







