Shimolda "Zahiriddin Muhammad Bobur izidan” tanlovi oʻtkazildi
2025-02-01 17:55:00 / Yangiliklar

Bir necha yildan buyon oʻtkazilib kelinayotgan tanlovda harbiy xizmatchilar jahon tarixida oʻchmas iz qoldirgan betakror siymo, buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning beqiyos ilmiy hamda ijodiy merosi, ilm-fandagi yutuqlari va davlatchilik tarixini oʻrganayotgani, albatta quvonarli.
Tanlovning okrug bosqichida harbiy qism va muassasalarning jamoasida 7 nafardan harbiy xizmatchi ishtirok etib “Zahiriddin Muhammad Bobur – oʻzbek mumtoz adabiyotining buyuk namoyondasi”, “Zahiriddin Muhammad Bobur – mohir va isteʼdodli sarkarda”, “Zahiriddin Muhammad Bobur – Hindistondagi Boburiylar imperiyasi asoschisi” shartlarida oʻzaro bellashdilar.
Qizgʻin va murosasiz kechgan tanlovda Nukus garnizonidagi harbiy qismning “Bobur izdoshlari” yettiligi barcha savollarga tez va aniq javob berib, faxrli 1-oʻringa loyiq topildi hamda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligining faxriy yorligʻi va kitoblar toʻplami bilan taqdirlandi.
Endilikda, gʻolib jamoa Mudofaa vazirligi bosqichida ishtirok etib, harbiy okrug sharafini himoya qiladi. Eslatib oʻtamiz, yakuniy bosqich fevral oyida Bobur tavallud kuni arafasida Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi tomonidan oʻtkaziladi.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati





