Urganchda “Jasorat maktabi” yig‘ini boshlandi
2025-01-31 17:25:00 / Yangiliklar

Ishtirokchilarning salomatligi malakali harbiy shifokorlar tomonidan tekshiruvdan o‘tkazildi. Harbiy kiyimlar berilib, ichki tartib-intizom, harbiycha yurish-turish hamda mashg‘ulot jadvali bilan tanishtirildi.
Tantanali ochilish marosimida kuch tuzilmalari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar mazkur yig‘inning mohiyati, yoshlar tarbiyasi va kelajagi uchun ahamiyatini e’tirof etib, yig‘in davomida har bir daqiqadan unumli foydalanish kerakligini ta’kidladi.
Yurt himoyachilari tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi va ko‘rgazmali chiqishlari, qurol-aslahalar va “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv-sport texnika klublari ko‘rgazmalari hamda Urganch shahridagi Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazining o‘quv qurollari va uskunalari namoyish etildi.
Yig‘in ishtirokchilari o‘n kun davomida qat’iy belgilangan kun tartibi asosida mashg‘ulotlarda ishtirok etib, kasb-hunar o‘rganishi, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashi, ilk harbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Ta’kidlash joizki, “Jizzax tajribasi” asosida boshlangan yig‘in Xorazm viloyati yoshlari orasida ham katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda. O‘tgan yilda o‘tkazilgan yig‘inning 4 mavsumida jami 400 nafar navqiron yoshlar ishtirok etgan edi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






