Asosiy kontentga o'tish

Rossiya Federatsiyasi harbiy delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyurdi

2025-01-22 13:45:00 / Yangiliklar

Bugun, 22-yanvar kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov rasmiy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Andrey Belousov boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.

Dastlab mehmonlarni faxriy qorovul ishtirokida rasmiy kutib olish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida o‘tkazilgan ikki tomonlama hamkorlik uchrashuvida general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov delegatsiya a’zolarini O‘zbekistonga uyushtirgan tashrifi bilan qutlab, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida ko‘plab sohalarda olib borilayotgan hamkorlik ishlari aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi.

Uchrashuvlarda delegatsiya rahbari bilan O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining mudofaa sohasidagi bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Uchrashuv so‘ngida mudofaa vazirlari tomonidan Rossiya va Oʻzbekiston mudofaa vazirliklari oʻrtasidagi 2025-yilga moʻljallangan hamkorlik rejasi hamda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o‘rtasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan harbiy sohadagi strategik hamkorlik dasturi imzolandi.

Rasmiy qabuldan so‘ng Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Andrey Belousov boshchiligidagi harbiy delegatsiya vakillari “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, faxriy qorovul ishtirokida “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gul qo‘ydilar hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyi eksponatlari va “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining boshqa ko‘plab monumentlari bilan tanishdilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

1876

Oxirgi yangilanish: 2025-01-22 14:17:54

Rossiya Federatsiyasi harbiy delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyurdi