Uch tomonlama memorandum imzolandi
2025-01-19 12:10:00 / Yangiliklar
Migratsiya agentligida bo‘lib o‘tgan tadbirda “SBH WEST GmbH” fondi boshqaruvchi direktori, Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari va “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi tomonidan imzolangan uch tomonlama memorandumning maqsadi O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiq yuk va yo‘lovchi tashish bo‘yicha professional haydovchilar tayyorlanib, ularning Germaniya mehnat bozorida vaqtincha faoliyat yuritishlarini ta’minlashdan iboratdir.
Memorandum shartlariga ko‘ra, Germaniyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqarolar “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalarida yuk va yo‘lovchi tashish haydovchiligi bo‘yicha o‘qitiladi. Haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritgan nomzodlarni “SBH WEST GmbH” fondi tomonidan tanlangan vakillar va ish beruvchi kompaniyalar amaliy imtihondan o‘tkazadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan haydovchilarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Nomzodlardan nemis tilini muloqot qila olish darajasida bilishlari talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning sentabr oyida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, ushbu memorandumning asosiy maqsadi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolarini shartnoma asosida xorijiy mehnat bozorida talab etilgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati