Mardlar qo‘riqlaydi vatanni
2025-01-11 18:30:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida Abdusamat Taymetov xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlikka gulchambar qo‘yilib, hurmat bajo keltirildi. Shundan so‘ng, ushbu tadbir “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida davom etdi.
Abdusamat Taymetovning ismi tilga olinganida aviatsiya faxriylari hamda yosh uchuvchilar qalbida g‘urur va faxr namoyon bo‘ladi. Sababi, u birinchi o‘zbek uchuvchisi bo‘libgina qolmay, Ikkinchi jahon urushi davrida eng asosiy va mas’uliyatli hamda sharafli bo‘lgan vazifalarni qahramonlarcha ado etgan sheryurak o‘zbek o‘g‘lonidir. Ertamiz egalarini, tarixga hurmat, bugungi dorilomon kunlarga bo‘lgan shukronalik, vatanga bo‘lgan sadoqatini yana-da kuchaytirishga qaratilgan tadbirda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qismlar harbiy xizmatchilari, Toshkent harbiy maktabi o‘quvchilari, yosh harbiy uchuvchilar hamda Abdusamat Taymetovning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda Abdusamat Taymetovning Ikkinchi jahon urushi davrida erishilgan g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasi bilan bog‘liq ma’lumotlar mutaxassislar tomonidan yetkazildi. Shuningdek, “Shon-sharaf” davlat muzeyida qahramonimiz Abdusamat Taymetov hayoti va faoliyatini ochib beruvchi videorolik namoyish etildi. So‘z olganlar qahramonimizning ibratli hayot yo‘li, o‘z vatani tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashda qo‘shgan hissasi va ko‘rsatgan qahramonliklariga to‘xtaldi.
Ha, vatan fidoyilari bor ekan, shu yurtda tinchlik hukm suradi. Muqaddas ona vatan osoyishtaligi va farovonligi uchun jonbozlik ko‘rsatgan yurt o‘g‘lonlari qadrlanib, qalblarda manqu yashaydi.
Nargiza SAFAROVA, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi matbuot xizmati






