“Chaqiriluvchilar kuni” loyihasi doirasida harbiy-vatanparvarlik tadbiri bo‘lib o‘tdi
2025-01-08 18:10:00 / Yangiliklar

Unda Janubiy operativ qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari, Kakaydi garnizonidagi harbiy qism komandirlari, muddatli harbiy xizmatchilar va muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi yigitlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, tinchligimiz posbonlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va “Chaqiriluvchilar kuni” loyihasining ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritib, Surxondaryo viloyatidagi barcha harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.
Tadbirda yoshlar uchun boshlang‘ich tayyorgarlik fani sifatida Qurolli Kuchlarimizning tuzilishi, vazifalari, harbiy xizmat turlari, unga chaqirish tartibi, oliy harbiy taʼlim muassasalariga qabul tartibi, harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar haqida hamda buyuk sarkardalarning hayoti va faoliyati, ularning harbiy sanʼat taraqqiyotiga qo‘shgan hissalari xususida maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, bo‘lajak vatan himoyachilari harbiy qismdagi “Moddiy ta’minot pavilyoni”, “Madaniyat pavilyoni” va “Buyuk ajdodlar pavilyoni” bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbirda harbiy orkestr jamoasining bayramona kayfiyat ulashuvchi musiqalari va yurtimizni ulug‘lovchi qo‘shiqlari ertamiz egalariga chin ma’noda ko‘tarinki kayfiyat ulashgan bo‘lsa, faxriy qorovulning saf yurishlari, harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qo‘l janggi sahnalari, xizmat itlarining ko‘rgazmali chiqishlari va harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi yoshlarda harbiylik kasbiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Faol ishtirok etgan va musobaqalarda g‘olib bo‘lgan yoshlar esa tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
III darajali serjant Akbar Ahmеdov, Termiz garnizoni








