“Chaqiriluvchilar kuni” loyihasi doirasida vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi
2025-01-07 09:35:00 / Yangiliklar

Mamlakatimiz yoshlarini vatanparvarlik, shu jumladan, harbiy-vatanparvarlik, yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash yo‘lida “Xalq va armiya - bir tanu, bir jondir!” degan ezgu g‘oya asosida yoshlar tarbiyasiga masʼul vazirlik va idoralarning kuch va imkoniyatlarini bir g‘oya asosida birlashtirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda Farg‘ona viloyatidagi taʼlim muassasalarining yoshlari ishtirok etdi.
Tadbirda yoshlar uchun boshlang‘ich tayyorgarlik fani sifatida Qurolli Kuchlarimizning tuzilishi, vazifalari, harbiy xizmat turlari, unga chaqirish tartibi, oliy harbiy taʼlim muassasalariga qabul tartibi, harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar haqida hamda buyuk sarkardalarning hayoti va faoliyati, ularning harbiy sanʼat taraqqiyotiga qo‘shgan hissalari xususida maʼlumotlar berildi.
Taʼkidlash joizki, bu kabi tadbirlar o‘quvchi-yoshlarda harbiy xizmat, uni o‘tashning huquqiy asoslariga oid bilimlar va boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik darajasini oshirish, yoshlarda harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishni, Qurolli Kuchlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usini oshirish, jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirish, Buyuk tariximiz, ulug‘ ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosi, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarning jahon sivilizatsiyasi hamda harbiy sanʼat rivojiga qo‘shgan hissalarini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eʼtiborli jihati Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbati, vatanparvarligi, buyuk ajdodlarimizning maʼnaviy merosi va milliy anʼanalarimizni o‘rganishda tengdoshlari orasida ko‘rsatayotgan tashabbuskorligi uchun navqiron avlod vakillariga esdalik sovg‘alari ham topshirildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









