Asosiy kontentga o'tish

Chempionlar harbiy qism mehmoni

2024-12-28 13:05:00 / Yangiliklar

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli Yangihayot tumani Binokor qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.

Unda olimpiada o‘yinlari sovrindorlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi, o‘quvchi-yoshlar, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Dastavval tadbirda olimpiada chempionlari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qilgan sportchilarning yutuqlari e’tirof etildi. Shundan so‘ng sportchilar qo‘lga kiritgan yutuqlari bo‘yicha tadbir ishtirokchilariga so‘zlab berdi. Hozirgi kunda yurtimizda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar, berilayotgan imkoniyatlarni alohida ta’kidlab, o‘zlarining tavsiyalarini berdi.

Tadbirning ikkinchi qismida O‘rta Chirchiq tumanidagi 71-umumta’lim maktabi qoshida ochilgan “Yosh Temurbeklar harbiy sport nodavlat ta’lim muassasasi” a’zolarining qo‘ljangi chiqishlari namoyish etildi. Shuningdek, “Ochiq eshiklar” kuni doirasida harbiy qism saf maydonida qurol-aslahalar, harbiy texnikalar namoyish etildi. Ushbu tadbir yoshlarni sportga qiziqtirish, Vatanga bo‘lgan muhabbatini oshirish, Yurtboshimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda yurt koriga yaraydigan yoshlar safini ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

260

Oxirgi yangilanish: 2024-12-28 13:04:01

Chempionlar harbiy qism mehmoni