Hamkasbimiz – Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi!
2024-12-26 20:15:00 / Yangiliklar

Ustoz adiblar, adabiyot ixlosmandlari jam boʻlgan tadbirda Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid davlatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlarga toʻxtaldi. Shundan soʻng, uyushma aʼzoligiga qabul qilingan 9 nafar ijodkorga tantanali tarzda guvohnomalar topshirildi.
Tadbirda uyushma raisi oʻrinbosari Farida Afroʻz, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti direktori Botir Ergashev ijod boʻstonida oʻz aytar soʻziga ega boʻlgan yangi aʼzolarning yangi nasriy va nazmiy asarlar yaratib, millat ravnaqi, oʻzbek adabiyoti uchun bir umr munosib hissa qoʻshajagini eʼtirof etdi. Quvonarlisi, ular orasida Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Vatanparvar” birlashgan tahririyati katta muxbiri katta leytenant Dilshod Roʻziqulov ham aʼzolik guvohnomasini qabul qilib oldi.
– “Dehqoni soʻz” nomli ilk badiiy-publitsistik kitobim 2020-yilda Yozuvchilar uyushmasining “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida 10 ming nusxada chop etilgan, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi katta leytenant Dilshod Roʻziqulov. – Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan respublika yosh ijodkorlarining anʼanaviy Zomin seminari bir necha yillardan beri ijodga ishtiyoqmand yoshlarning iqtidorini kashf qilishda, ularni qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Men ham Zomin seminarida qatnashib, ustozlarning beminnat oʻgitlarini olganman. Bugungi hayajonimning chegarasi yoʻq. Mening ijodiy ishlarimga ijobiy tavsiyanoma bergan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalistlar Salim Ashur, Hulkar Toʻymanova, Maʼsuma Ahmedova, uyushmaning Jizzax viloyati boʻlimi rahbari Mehribon Abdurahmonova va boshqa ustozlarimdan minnatdorman. Bir guruh ijodkorlar orasida qoʻlimga olganim ushbu hujjat zimmamga katta masʼuliyat yuklab, yangi publitsistik asarlar yozish uchun turtki boʻladi.
Tadbirda mualliflar yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida Yozuvchilar uyushmasida amalga oshirilayotgan ishlar uchun minnatdorligini bildirdi. Sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiqlari kechaga yanada zavq ulashdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






