Vodiy viloyatlarida harbiy-vatanparvarlik festivallari o‘tkazilmoqda
2024-12-25 18:20:00 / Yangiliklar

Xususan, Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazilgan bo‘lsa, Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxonasida harbiylar tomonidan vatanparvarlik chiqishlari namoyish etildi.
“Yangi O‘zbekiston armiyasi - mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar ertamiz egalarini vatanparvarlik va mardlik ruhida tarbiyalash, harbiy soha bilan yaqindan tanishtirishni maqsad qildi. Xususan, hozirgi kunda milliy armiyamizda yaratilayotgan sharoitlar, Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarga berilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Festivallar doirasidagi yurt himoyachilari va yoshlardan iborat harbiy vatanparvarlik karvonining shahar ko‘chalari bo‘ylab marsh yurishi, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi sahnalari, faxriy qorovul chiqishlari hamda harbiy orkestrning jarangdor kuy-sadolari va vatanni madh etuvchi qo‘shiqlari yurtdoshlarimizning qalbida Ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






