“Yoshlar forumi — 2024” doirasida “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi
2024-12-24 22:20:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 4-avgustdagi PF-3290 sonli Farmoniga asosan, ushbu mukofot vatanparvarlik, fidoyilik tuyg‘usi va mehnatsevarlik fazilatlarini o‘zida mujassamlashtirgan, vatanimiz obro‘si, shon-shuhrati va sharafini yuksaltirishga, shuningdek, uning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib, o‘rnak bo‘lib kelayotgan yoshlarni taqdirlash maqsadida beriladi.
Joriy yilgacha “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan yoshlarning umumiy soni 1073 nafarni tashkil etdi. Ushbu ko‘krak nishoni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashining qarori asosida, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining quyi tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan nomzodlar tanlov komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqilganidan so‘ng tantanali ravishda topshiriladi.
Bu yil “Yoshlar forumi — 2024” doirasida ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, san’at, jurnalistika, sport, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes, huquq va harbiy sohalarda o‘qiyotgan, ishlayotgan hamda ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanib, yuksak natijalarga erishayotgan bir guruh yoshlar hamda soha vakillariga “O‘zbekiston Belgisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Quvonarlisi “Mudofaa va huquqni muhofaza qilish organlari” yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti



