Asosiy kontentga o'tish

Mudofaa vaziri Oʻq otish sporti federatsiyasiga rais etib saylandi

2024-12-23 17:05:00 / Yangiliklar

Milliy olimpiya qoʻmitasi majlislar zalida Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Konferensiya ishida mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov, sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov, Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Oʻq otish sporti federatsiyasi mutasaddilari, federatsiyaning mintaqaviy boʻlimi rahbarlari, murabbiylar va sportchilar ishtirok etishdi.

Yigʻilishda aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, ularning sport bilan shugʻullanishi uchun zarur infratuzilma va qulay shart-sharoitlar yaratish, oʻq otish sport turini yurtimizda yanada rivojlantirish hamda mamlakat sportchilarining xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirokini taʼminlash bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri ekanligi taʼkidlandi.

Shundan soʻng, kun tartibiga muvofiq, federatsiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot tinglandi, soʻngra Oʻq otish sporti federatsiyasi raisi lavozimiga mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov nomzodi taklif etilib, yigʻilish delegatlari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.

Yigʻilish soʻngida, yangi saylangan federatsiya raisi bildirilgan ishonch uchun ishtirokchilarga minnatdorchilik izhor etib, davlatimiz rahbarining 2024-yil 4-noyabrdagi “Oʻq otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtrish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori talablari asosida oʻq otish sport turini ommalashtirish va rivojlantirishda barcha kuch va imkoniyatlarni ishga solishini bildirdi.

Shuningdek, federatsiya raisi yigʻilganlarni kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasining qisqacha mazmun-mohiyati bilan tanishtirib, hududlarda zamonaviy infratuzilmaga ega va zamon talablariga mos jihozlar bilan taʼminlangan oʻq otish binolari bunyod etilishi, sportchilar zamonaviy uskunalar bilan taʼminlanishi hamda kelgusida harbiylar oʻrtasida oʻq otish sport turi boʻyicha “Mergan kubogi” va yoshlar oʻrtasida mamlakat birinchiligi oʻtkazilishini maʼlum qildi.

Bundan tashqari federatsiyaning asosiy eʼtibori Los-Anjelesda boʻlib oʻtadigan olimpiada oʻyinlariga litsenziyalarni qoʻlga kiritish hamda sportchilarimizning sovrinli oʻrinlarni egallashiga qaratilishini taʼkidladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

1953

Oxirgi yangilanish: 2024-12-23 21:07:51

Mudofaa vaziri Oʻq otish sporti federatsiyasiga rais etib saylandi