Qurolli Kuchlar akademiyasida “Yosh harbiylar forumi” bo‘lib o‘tdi
2024-12-20 17:15:00 / Yangiliklar

Forum yosh harbiy xizmatchilarning harbiy sohaga oid innovatsion gʻoyalari va ishlanmalari koʻrgazmasi, yosh harbiy adib va shoirlar tomonidan oʻzlari chop etgan kitoblar va sheʼriy toʻplamlar taqdimoti, “Yoshlar kutubxonasi” hamda “Mard askarga sovgʻa” rukni ostida nashr etilgan badiiy adabiyotlar koʻrgazmasi bilan boshlandi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Xayrulla Sattorov, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi vakillari, Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalaridagi Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilot yetakchilari hamda Xalqaro sport musobaqalari gʻoliblari, yosh harbiy xizmatchilar, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati aʼzolari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari, muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Forumda mudofaa vaziri “Yosh harbiylar forumi” ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi.
– Yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan keng foydalanib, ulugʻ ajdodlarimizga munosib ravishda vatanparvarlik tuygʻusi va ulkan shijoat bilan olgʻa intiling, iroda va mahoratingizni koʻrsating, hech qachon ortga chekinmang. Sinov va qiyinchiliklarni mardonavor yengib, bor bilim va salohiyatingizni, kuchingiz va gʻayratingizni Vatanimiz va xalqimiz tinchligini taʼminlashga safarbar eting, – deya murojaat qildi mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov.
Shuningdek, forum davomida “Yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari”, “Mudofaa vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar bilan amalga oshirilgan ishlar tahlili”, “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda Qurolli Kuchlar faxriylarining oʻrni va roli” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Bundan tashqari, mutaxassisligi boʻyicha yuqori choʻqqilariga erishgan yosh harbiy xizmatchilar va sportchilar soʻzga chiqib, erishilayotgan yutuqlar ularga ko‘rsatilayotgan e‘tibor samarasi ekanligini alohida faxr bilan tilga olishdi.
Anjuman yakunida otaliqa olingan yoshlar bilan ishlashda jonbozlik koʻrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar va ishtirokchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









