Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida “Serjantlar forumi” boshlandi
2024-11-28 19:25:00 / Yangiliklar

Forum qoʻshinlarda joriy etilgan bosh serjant va bosh serjant yordamchilari faoliyati, xususan, brigada, batalyon, vzvod (batareya) va guruh serjantlarining boʻlinmalarda shaxsiy tarkibni boshqarish samaradorligi, shuningdek, harbiy xizmatchilar harbiy intizomi, ahloqiy-ruhiy holati va tayyorgarlik darajasini oshirish boʻyicha faoliyatini yanada takomillashtirish, bosh serjant va bosh serjant yordamchilari hamda yoʻriqchi-serjantlarning xizmat faoliyatini tashkil etishda oʻzaro tajriba almashish maqsadida tashkil etildi.
Darhaqiqat, Qurolli Kuchlarimiz bugun oʻz qudrati bilan xalqimiz osoyishtaligi, mustaqilligimiz, tinchligimiz barqarorligini asrashga qodir metin qalqondir. Ayni vaqtda sohadagi islohotlar samarasini har qadamda his qilish mumkin. Ayniqsa, serjantlikning muhim kasbga aylangani, maqomi, nufuzi koʻtarilgani, yaʼni qoʻshinlarda bosh serjant va bosh serjant yordamchisi lavozimining joriy etilgani shunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik sirasidan. Zotan, serjantlar haqida gap ketganda ularga bejizga armiyamiz tayanchi va suyanchi deya taʼrif bermaymiz. Chunki milliy armiyamizning asosiy negizini tashkil etuvchi, ofitserlar va askarlar tarkibi oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin boʻlgan bu kichik komandirlar oʻz aql-idroki, tashabbuskorligi va metindek irodasi bilan shaxsiy tarkibga namuna, komandirlarga esa har jihatdan koʻmakchi boʻlib kelmoqda.
Forumda soʻzga chiqqan mudofaa vaziri oʻz maʼruzasida sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida milliy armiyamizda serjantlar korpusining mavqeyi va nufuzi sezilarli darajada oshgani, jumladan, 2021-yilda jangovar brigada va batalyonlarda “yoʻriqchi-serjant” joriy etilib, ularning harbiy unvonlari “katta serjant” darajasiga koʻtarilgani, yoʻriqchi-serjant lavozimiga uchta kasbni mukammal egallagan, oʻz kasbining ustasi va ekstremal sharoitda yashovchanlik kurslarini muvaffaqiyatli bitirgan harbiy xizmatchilarni tayinlash tizimi yaratilgani, shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmonga muvofiq armiyada “bosh serjant” va “bosh serjant yordamchisi” lavozimlari joriy etilgani, mazkur farmonga asosan saralab olingan va lavozimga tayinlangan serjantlarga “serjant-mayor”, “master-serjant”, “shtab-serjanti” hamda “birinchi-serjant” yangi harbiy unvonlar berilganini taʼkidladi.
Shuningdek, vazir serjantlarning bilimi va malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan master-klass va treninglarning amaliy ahamiyatiga toʻxtalib, xalqaro armiya oʻyinlarida ularning erishayotgan yutuqlarini alohida eʼtirof etdi.
Forum davomida bosh serjantlar va harbiy okruglar shtab serjantlari oʻz faoliyatlari yuzasidan chiqishlar qilishdi. Xususan, tadbri dasturiga kiritilgan maʼruzalarda serjant va oddiy askarlarga tegishli boʻlgan masalalarni jamoaviy koʻrib chiqish, muhokama qilish va tegishli takliflar ishlab chiqish tartibi, boʻlinmalarda shaxsiy tarkibning ijtimoiy muammolarini, axloqiy-ruhiy holatini oʻrganish usullari, boʻlinmalarda yuzaga keladigan psixologik muammolar va ularning yechimi, shaxsiy tarkibda jangovar ruhni shakllantirish va vatanparvarlik tuygʻusini yuksaltirish uslubiyati, shuningdek, harbiy xizmatchilar oilalarida maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish masalalari yuzasidan ham zarur maʼlumotlar yetkazilmoqda.
Bosh serjant va bosh serjant yordamchilari forumi davom etmoqda.
Podpolkovnik Gulnora XODJAMURATOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






