“Yashil makon” umummilliy loyihasida yangicha tajriba
2024-11-25 13:15:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizning turli hududlarida harbiy xizmatchilar tomonidan ayni kungacha millionlab manzarali va mevali daraxtlar ko‘chatlari ekilib, joylarda ko‘zni quvontiradigan bog‘lar bo‘y cho‘zmoqda. Toshkent viloyatining Parkent tumani Qizil tog‘ (Krasnogorsk) aholi yashash punktidagi tog‘ yon bag‘rida yaratilgan 500 gektarlik bog‘ maydoni shular jumlasidandir.
Bu yerda 2021 yildan buyon 500 mingdan ortiq turli xil daraxtlar ko‘chatlari ekildi va bugungi kunda ham ekilib kelinmoqda. Kuni kecha Mudofaa vazirligi markaziy apparati shaxsiy tarkibi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi kursantlari an’anani davom ettirgan holda “Yashil makon” umummilliy loyihasiga o‘z hissalarini qo‘shdilar.
E’tiborli jihati, bu yerda joriy yildan nafaqat bog‘ yaratish, balki noyob eman va kashtan daraxtlarini urug‘dan yetishtirish ishlari ham tajriba sifatida boshlab yuborildi. Tajriba sifatida qir-adirlarning unumdor yerlariga 100 mingdan ortiq ana shu daraxtlar urug‘lari qadaldi.
Aynan Qizil tog‘ aholi yashash punktidagi bog‘larga ekilgan ko‘chatlarga melorativ ishlov berish, parvarishlash, sug‘orish jarayonlari ham harbiy xizmatchilar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Buning uchun tog‘ bulog‘idan yetti kilometrlik quvur tortilib, zahira hovuzlariga doimiy suv yig‘ish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, katta sig‘imli o‘nlab zaxira vositalarida saqlanadigan suv yozning jaziramasida ham yosh novdalarni qurib qolishdan himoya qiluvchi vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Eng quvonarlisi, 2021 yilda ekilgan daraxtlar anchagina bo‘y cho‘zib kelgusi yildan hosilga kirishi kutilmoqda.
Shuningdek, Qurolli Kuchlar akademiyasi hamda uning o‘quv jarayonini ta’minlash bazasi hududlarida ham “Yashil makon” umumiliy loyiha doirasida akademiya ofitserlari, profesor-o‘qituvchilari va kursantlari tomonidan 400 tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









