Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirokida uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi
2024-11-22 18:35:00 / Yangiliklar

Xususan, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida ham yurtimizda o‘tkazilayotgan “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Toshkent harbiy okrugiga qarashli Chirchiq garnizonidagi harbiy qismda o‘tkazildi. Unda “O‘zbekiston Qahramoni”, Senator, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiev, O‘zbekiston xalq shoiri, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, shoira Zulfiya Mo‘minova va boshqa kelgan mehmonlar Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida "Men golib" shiori ostida Armiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan muddatli harbiy xizmatchilar va bir guruh yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazishdi.
Mehmonlar dastlab harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, harbiy xizmatchilar bilan dildan suhbat qurishdi. Shundan so‘ng jarayonlar "Keksalarga hurmat yoshlarga ibrat" degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan "Uch avlod uchrashuvi" ga ulanib ketdi.
Unda so‘zga chiqqanlar yurtimizda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, yoshlarning maʼnaviy-ruhiy kamoloti, jamiyatimizning buguni va kelajak hayotida ularning tutgan o‘rni masalalari yuzasidan fikr yuritishdi.
Chirchiq garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ijodkorlari tomonidan kuylangan qo‘shiqlar tadbirga bayramona ruh bagishladi. Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashi hamda keksa avlod vakillariga bo‘lgan eʼtiborni oshirishi bilan ham ahamiyatlidir.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






