Jizzaxda “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inining navbatdagi mavsumi boshlandi
2024-11-21 11:00:00 / Yangiliklar

Yig‘inning tantanali ochilishida so‘z olganlar bugun davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlarni alohida ta’kidlab, 10 kun davomida olib boriladigan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etadigan yigitlarga omad tilashdi.
Yig‘inga kelgan yigitlar har tongni badantarbiya mashg‘ulotlari bilan boshlab, kun davomida jismoniy, jangovar va saf tayyorgarligi kabi o‘quv mashg‘ulotlarida, dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat tahlillariga qaratilgan darslarda bilim va ko‘nikmalarini oshirishga kirishishdi.
Shuningdek, “Ishga marhamat” monomarkazi, harbiy qism ta’mirlash guruhlaridagi mutaxassislar tomonidan yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, unda yoshlar malakali mutaxassislar yordamida santexnika, chilangarlik, tadbirkorlik hamda kompyuter savodxonligi bo‘yicha saboq olishsa, sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun turli xil sport o‘yinlari va ko‘rik-tanlovlar tashkil etiladi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati








